Yurish – fikrni uyg‘otadi
Yurish – fikrni uyg‘otadi
Ba’zan inson bir muammo ichida shunchalik “tiqilib” qoladiki, qancha o‘ylamasin, yechim topolmaydi. Ana shunday paytlarda men eng oddiy ishni qilaman: tashqariga chiqaman va yolg‘iz sayr qilaman.
Telefonsiz, quloqchinlarsiz, tabiat bag‘rida, sokin muhitda oddiygina piyoda yuraman, maqsadsiz, shoshilmasdan, atrofni kuzatib... Qiziq tomoni shundaki, murakkab savollar aynan shu paytlarda asta-sekin o‘z javobini ko‘rsata boshlaydi. O‘tirib zo‘r berib o‘ylaganda topilmagan fikr, yurib kelayotganda paydo bo‘ladi.
Tarix ham buni tasdiqlaydi: Aristotel o‘z darslarini yurib turib o‘tgan, Steve Jobs esa muhim qarorlarni aynan sayr paytida qabul qilgan. Ular uchun yurish – shunchaki harakat emas, balki fikrlash usuli bo‘lgan.
Shuning uchun, agar bir masalada tiqilib qolsangiz – o‘zingizni majburlab o‘tiravermang. Tashqariga chiqing. Bir oz yuring. Ba’zan eng to‘g‘ri javoblar stol boshida emas, yo‘l ustida topiladi.