Dardlarni bo‘lishmaydi
Dardlarni bo‘lishmaydi
Shifokor kursdoshim bor. Odamlar navbat turib kelishadi. Kuniga 12 soat ishlaydi. Bayramlarda ham tinmaydi. Shaxsiy hayotiga vaqti yo‘q.
Mashhur do‘stimiz bor. Har gapida ma’no chiqadi. Ma’noga sabab esa dardi borligi. Oilasidan ikkita yaqinini yo‘qotganligi.
Katta ishlarni bitta qo‘ng‘iroq bilan hal qila oladigan mijozimiz bor. Farzandlari bilan bir soat o‘tirib gaplashishga vaqt topa olmaydi.
Ta’lim haqida bong uradigan mashhur ustoz tanishimiz bor. Fikrlari eshitiladi. Maslahatlar beradilar. Farzandlaridan o‘qituvchilar “dod” deydi.
Odamlarni ko‘ramiz. Hayotiga havas qilamiz. “Qaniydi” deb qo‘yadi ichimizdagi ovoz. Ichki hayotini esa bilmaymiz.
Instagramda hech kim omma oldida dardlarini bo‘lishmaydi. Oyda bir bo‘ladigan quvonchini yoyadi.
Agar dardlar, muammolar joylanadigan platforma bo‘lganida kirib ko‘rishni tavsiya qilardim. Shunda siz eng baxtli odam ekaningizni bilib olardingiz.